O‘ZBEKISTON-ERON MUNOSABATLARI
Eron Islom Respublikasi 1991-yilning 25-dekabrida O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini rasman tan oldi.
1992-yil 10-mayda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi.
Eronning Toshkentdagi elchixonasi 1992-yil noyabr oyida va O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi 1995-yil may oyida ochilgan.
O‘tgan muddat davomida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning Eronga to‘rt bor tashrifi amalga oshirildi. (1992 va 2003-yillarda rasmiy, 1996 va 2004-yillarda EKO sammiti doirasida).
O‘z navbatida Eron prezidentlari A.Rafsanjoni (1993-yil oktabr) va S.Hotamiylarning (2002-yil aprel) O‘zbekistonga rasmiy tashriflari bo‘lib o‘tgan.
Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) 2017-yil sentabrda Ostonada o‘tkazilgan fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi Prezidenti H.Ruhoniy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi ishlar vazirining orinbosari darajasida muntazam ravishda O‘zbekiston-Eron siyosiy maslahatlashuvlari o‘tkaziladi. Siyosiy maslahatlashuvlarning 5-davrasi 2017-yilning 13-martida Toshkentda o‘tkazildi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Eron munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini siyosiy, iqtisodiy madaniy sohalarda imzolangan 55 ta hujjat tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya tashkil etilgan. 2018-yilning aprel oyida Tehron shahrida O‘zbekiston-Eron qo‘shma komissiyasining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2018-yil natijalariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari $306,5 mln, shu jumladan O‘zbekison eksporti – $172,5 mln., import esa $133,9 mln. hajmida qayd etildi.